«Ishlab chiqarish texnologiyalari. Yog`ochsozlik. Mebel butlovchi qismlari. Mebel va interyer – WoodTech & MebelExpo Uzbekistan 2027» 23- Xalqaro ko’rgazmasi

27 - 29 aprel 2027, O`zekspomarkaz MKK / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar (for all)

Buxoro viloyatida 7,8 mlrd dollarlik 145 ta loyiha amalga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida yangi obyektlarni ishga tushirish va investitsiya loyihalari qurilishini boshlash marosimida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar beradi.

Jami qiymati $7,8 mlrd bo‘lgan 145 ta loyihadan iborat dastur shakllantirildi. Ulardan $654 mlnlik 55 ta loyiha foydalanishga topshirilmoqda, yana $7,1 mlrdlik 90 ta loyiha bo‘yicha qurilish boshlanmoqda.

Tashabbuslar neft-kimyo, to‘qimachilik sanoati, mashinasozlik, energetika, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, logistika va turizmni qamrab oladi. Ularda AQSh, Kanada, Germaniya, Yaponiya, Xitoy, Turkiya, BAA va boshqa mamlakatlar investorlar, shuningdek xalqaro moliya institutlari va mahalliy tadbirkorlar ishtirok etmoqda.

Prognozlarga ko‘ra, loyihalarni amalga oshirish 14 mingdan ortiq doimiy ish o‘rni yaratish, yiliga 22 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va $510 mlnlik eksportni ta’minlash imkonini beradi.

Energetikaga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda mintaqada qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga $2 mlrd yo‘naltirildi. Bu yerda allaqachon umumiy quvvati 1 ming MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalari va quvvati 750 MVt bo‘lgan quyosh stansiyalari ishga tushirilgan. Shuningdek, 63 MVt quvvatli energiya saqlash tizimlari yaratildi.

Yangi tashabbuslar orasida ACWA ishtirokida G‘ijduvon tumanida quvvati 300 MVt bo‘lgan “Bosh-2” shamol elektr stansiyasi qurilishi ham bor. Jondor va Peshku tumanlarida Toyota Corporation va Sinoma kompaniyalari umumiy quvvati 1 ming MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurmoqda.

Qorako‘l tumanida maishiy chiqindilardan elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha $165 mlnlik obyekt qurish rejalashtirilgan. Leman nemis kompaniyasi bilan yana bir $150 mlnlik loyiha “Amu-Buxoro” kanali nasos stansiyalarining barqaror ishlashini ta’minlashni nazarda tutadi.

To‘qimachilik sanoatida Buxoroda Kurt Baver brendi ostida yiliga 62 ming tonna mahsulot ishlab chiqarishga mo‘ljallangan kompleks qurish rejalashtirilgan. Romitan tumanida xitoylik investorlar ishtirokida $400 mlnlik paxta-to‘qimachilik klasteri yaratilmoqda.

Ushbu tashabbuslar doirasida investorlar 9 ming gektar yer maydonini o‘zlashtirishni ham taklif qildi. Bu yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulot ulushini 65 foizgacha oshirish va $100 mlnlik qo‘shimcha eksport imkoniyatlarini yaratish imkonini berishi kutilmoqda.

Yana bir yo‘nalish turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘ladi. Buxoroda jami qiymati $3 mlrd bo‘lgan 19 ta yirik loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ular orasida Indigo, Holiday Inn va Hilton xalqaro brendlari ostida mehmonxonalar qurilishi ham bor.

Marosim bo‘lib o‘tgan yangi turizm markazi hududida “Boqiy Buxoro” madaniy-etnografik parki, ko‘rgazma zali, mehmonxonalar va ko‘ngilochar obyektlar barpo etiladi. Prezident bahosiga ko‘ra, turizm infratuzilmasini rivojlantirish Buxoroda xizmatlar eksportini $5 mlrdgacha yetkazish imkonini beradi.

Kelgusi besh yilda hokimiyat viloyat aholisini ichimlik suvi bilan, yirik shaharlar va tuman markazlarini esa kanalizatsiya tarmoqlari bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda. Buning uchun jami qiymati $633 mln bo‘lgan ikki loyiha allaqachon amalga oshirilmoqda. Ular 2 mln kishining suv ta’minotini yaxshilash, jumladan, ilk bor 781 ming nafar aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash imkonini beradi.

Bundan tashqari, mintaqada $565 mlnlik yettita yo‘l loyihasi nazarda tutilgan. Ularning amalga oshirilishi viloyatning tranzit salohiyatini uch baravar oshirishi kerak.

Safar davomida Mirziyoyev 2027 yilga mo‘ljallangan xalqaro sammitlarga Buxoro infratuzilmasini tayyorlash bo‘yicha hisobotlarni ham tingladi va tegishli topshiriqlar berdi.

Manba

Hamkorlar